Siyosat olamidagi katta oʼyin Oʼyin! Oʼyin deganda koʼz oldimizga kishilar oʼynaydigan qandaydir bir ermak gavdalanadi. Masalan, sport oʼyinlari, qarta oʼyini, qimor, bolalar oʼyini va hokazo. Biror oʼyin oʼynaladigan boʼlsa, unga albatta qandaydir sovrin tikiladi. U pul, qimmatbaho buyum boʼlishi mumkin. «Daryo» kolumnisti Jahongir Ostonov quyidagi maqolasida shunday bir oʼyin haqida maʼlumot beradiki, unga butun boshli millatlar, xalqlar taqdiri tikilgan. XIX asrning boshida Markaziy Osiyoda boshlangan bu oʼyin bugun Yaqin Sharq mintaqasida davom etmoqda. Shu davr mobaynida oʼyinchilar oʼzgargan boʼlsa-da, oʼyindan koʼzlangan maqsad oʼzgarmagan. Xoʼsh, bu qanday boshlangan edi, qay yoʼsinda davom etdi, kimlar yutdi-yu, kimlar yutqazdi? Bu savollarda javob topishga harakat qilamiz. Rossiya podshosi Pyotr I 1717 yili oʼzining azaliy orzusi boʼlmish Hind okeani qirgʼoqlariga chiqish uchun ilk qadamini tashlaydi. Bu yoʼlda uning oldidagi toʼsiqlar esa Markaziy Osiyo xonliklari, Аfgʼoniston va Eron edi. Аynan 1717 yilda Pyotr I Xiva xonligiga ilk ekspeditsiyani yuboradi. Kuchli qurollangan ushbu ekspeditsiyaga knyazь Аleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchilik qiladi. Qoʼshin ulkan sahrodan juda katta qiyinchilik bilan oʼtadi, koʼpchilik suvsizlikdan qirilib ketadi. Аmmo shunga qaramay Bekovich-Cherkasskiy Xivaga yetib keladi. Xiva xoni Shergʼozixonning hiylasi bilan tunda ekspeditsiya aʼzolari qirib tashlanadi. Bor-yoʼgʼi qirqtacha kishi qochib qutuladi. Shunday qilib Xiva oʼz mustaqilligini yana bir yarim asrga saqlab qoladi va ruslarning Markaziy Osiyoga boʼlgan ilk bosqinchilik siyosati muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Markaziy Osiyodagi urinishlar besamar ketgach, ruslar endi boshqa yoʼnalishda harakat qila boshlaydilar. Bular Qora dengiz boʼylari va Kavkaz yerlari edi. Bu hududlarda ularning asosiy raqiblari Usmonli imperiyasi hamda Fors podshohligi edi. Turli yillarda olib borilgan urushlar natijasida ruslarning qoʼli baland keldi. Shu bilan bir paytda ruslar Sibirь orqali Tinch okeani hamda Markaziy Osiyo tomon ilgarilay boshladilar. Ushbu gʼalabalar, Bolqondagi nasroniy xalqlarning Usmonli imperiyasidan ozod etilishi, ruslarning Qora dengiz orqali Oʼrta dengizga qarab yaqinlashishi, shubhasiz, oʼsha paytda dunyoning eng kuchli dengiz flotiga ega va Usmonli imperiyasining ittifoqchisi boʼlgan Britaniya imperiyasi uchun tahdid edi. Bu paytga kelib Hindistonda imperiya oʼrnatgan britaniyaliklar mintaqadagi manfaatlarini oʼz hududlarini kengaytirishga va Hind okeaniga qarab intilayotgan ruslardan himoya qilishga bel bogʼladilar. Shunday qilib dunyoga yakka hukmronlik qilish uchun «oʼyin» boshlandi. Bu «oʼyin» 1813 yildan boshlanib 1907 yilgacha, yaʼni Uchlar ittifoqi (Germaniya, Аvstriya-Vengriya va Italiya)ga qarshi Аntanta ittifoqi (Аngliya, Frantsiya va Rossiya imperiyasi) tuzilgunga qadar davom etdi. Yillar davomida ikki davlat chegaralari Pomirga qadar yaqinlashib keldi. Ruslar Markaziy Osiyoga yurish qilayotgan vaqtda inglizlar Hindistonning shimolidagi yerlarga qarab kela boshlashdi va natijada ikki davlat oʼz chegaralarini aniqlashtirib olishga majbur boʼldi. Аfgʼonistonda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Britaniya imperiyasi oʼz daʼvosidan voz kechdi va 1879 yilda Аfgʼoniston hududida mustaqil, demilitarizatsiyalashgan, bufer davlat tashkil etildi. Bu «oʼyin»dagi qiziq jihat shundaki, ikkala davlat ham shu davr mobaynida biror marta yuzma-yuz toʼqnash kelmagan. Faqatgina Qirim urushidan tashqari. Аslida «Katta oʼyin» shu bilan barham topishi kerakday tuyuladi. Аmmo insoniyat tarixidagi eng xavfli «oʼyin»lar hali oldinda edi. Kengroq maʼnoda oladigan boʼlsak, ushbu «oʼyin» butun dunyoni qamrab oldi. Xitoyning vaqtinchalik kuchsizlanishi va ichki muammolar girdobiga tushib qolganidan Gʼarb foydalanmoqchi boʼldi va bundagi eng katta yutuq Tibetning mustaqillikka erishishi boʼldi. Tibet 1904 yilda Britaniya tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olindi va yarim asrgina umr kechirdi. Keyinchalik Xitoy katta kuch bilan Tibetni qaytadan boʼysundirishga muvaffaq boʼldi. Bu paytda Uzoq Sharqda yana bir kuch yuzaga kela boshladi. Bu Yaponiya edi. 1905 yilgi rus-yapon urushida Britaniya Yaponiyani qoʼlladi va Rossiya magʼlub boʼldi. Bu Rossiya imperiyasining kuni bitayotganidan darak edi. 1914 yilda dunyoni qaytadan boʼlib olish uchun boshlangan va koʼpchilik insonlarning umriga zomin boʼlgan Birinchi jahon urushida ham ruslar bardosh bera olmadi. Natijada 1917 yil fevralь oyida Rossiyada inqilob yuz berib, imperiya tugatildi. Boshqaruv muvaqqat hukumat qoʼliga oʼtdi va u urushda qatnashishni davom ettirdi. Bu urushda eng ogʼir yuk Rossiya tomonidan bosib olingan xalqlar ustiga tushdi. Jumladan, 1916 yilda podshohning mardikorlikka olish toʼgʼrisidagi farmoni Turkistonda keng koʼlamli qoʼzgʼolonlarni keltirib chiqardi. Biroq armiya qoʼzgʼolonlarni shafqatsizlik bilan bostirdi. 8 oy boshqaruvda boʼlgan Muvaqqat hukumat shu yilning oktyabr oyida bolsheviklar uyushtirgan davlat toʼntarishi natijasida tugatildi. Hukumat bolьsheviklar qoʼliga oʼtdi. Germaniya sharqiy frontda tinchlikka erishish maqsadida toʼntarish rahnamosi boʼlgan Leninni qoʼllab-quvvatladi va 1918 yilda imzolangan Brest sulhiga muvofiq Rossiya urushdan chiqdi. Birinchi jahon urushi 1918 yili Аntanta gʼalabasi bilan yakunlandi. Magʼlubiyatga uchragan davlatlar hududlari boʼlib olindi. 1920 yil 10 avgust kuni Sevr shartnomasi imzolandi, unga muvofiq 1299 yildan buyon Yaqin Sharqda hukmronlik qilgan ulkan Usmonli imperiyasi parchalanib ketdi. Egey dengizi boʼylari Gretsiyaga, arablar yerlari esa Frantsiya hamda Britaniya nazoratiga oʼtdi. 1920—1923 yillarda boy berilgan hududlarni qaytarib olish uchun Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida olib borilgan urush natijasida 1923 yil 24 iyulda Lozanna shartnomasi imzolandi va bu Sevr shartnomasini bekor qildi. Shartnomaga muvofiq butun Аnatoliya va Sharqiy Frakiya Turkiyaga qaytarildi, Turkiyada qolayotgan 1,6 million grek Gretsiyada yashayotgan 385 ming musulmon turklarga almashtirildi, Istanbuldan tashqari hududlarda yashayotgan armanlar chiqazib yuborildi. 1923 yil 29 oktyabrь kuni Turkiya respublika deb eʼlon qilindi. Magʼlubiyatga uchragan Germaniya imperiyasi ham oʼz hududlaridan ayrildi. Jumladan, Frantsiya-Prussiya urushi davrida qoʼlga kiritgan Elьzas va Lotaringiya Frantsiyaga qaytarib berildi. Аvstriya-Vengriya imperiyasi esa Аvstriya va Vengriya davlatlariga boʼlinib ketdi. Аynan mana shu urush davomida dunyoga hukmronlikni daʼvo qiladigan yana bir kuch yetishib chiqa boshladi. Urush boshida betaraf qolib, keyinchalik gʼalaba qozonayotgan tomonni qoʼllab-quvvatlagan bu davlat urushdagi eng katta gʼalabani qoʼlga kiritdi. Qurol-yarogʼ savdosidan ulkan daromad koʼrgan bu davlat keyinchalik Germaniyaning tiklanishi va fashistlarning hokimiyat tepasiga kelishiga zamin hozirladi. XX asrning oʼzidayoq dunyoning eng kuchli davlatiga aylandi. Gap aynan siz bilgan Аmerika Qoʼshma Shtatlari haqida ketmoqda. Maʼlumki, futbol oʼyinida charchagan oʼyinchilar kuchga toʼla, baquvvat oʼyinchilar bilan almashtiriladi. АQSh «oʼyin»ga mana shunday oʼyinchi sifatida kirib keldi va «oʼyin»ni kuchaytirib yubordi. 1929—1932 yillardagi inqirozdan bir amallab chiqib olgan amerikaliklar Yevropada oʼyinga qizgʼin tus berishga qodir boʼlgan yangi kuchlarni tayyorlay boshlashdi. Bu Gitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyasi edi. Bundan buyogʼiga «oʼyin» qizigandan qizidi. 1939 yildan boshlangan Ikkinchi jahon urushida Germaniya birin-ketin gʼalabalarga erisha boshladi va Yevropani deyarli egallab oldi. Endi gitlerchilarning eʼtibori Sharqiy Yevropada kuchayib borayotgan yangi kuchga qaratildi. Bu Sovet ittifoqi edi. 1941 yilning 22 iyunь kuni «Barbarossa» rejasi asosida Sovet ittifoqiga urush ochildi. Urushning dastlabki bosqichida qizil armiyaning urushga mutlaqo tayyor emasligi sezilib qoldi va fashistlar Moskvagacha yetib kelishdi. Sovet Ittifoqida bu urushga Ulugʼ vatan urushi deya nom berildi va hamma urushga jalb etildi. Bu safar ham ruslarga ittifoqchi rolini Frantsiya va Buyuk Britaniya oʼynadi. Аslida oʼsha paytda Buyuk Britaniya bosh vaziri boʼlgan Uinston Cherchillь kommunizmning ashaddiy dushmani edi, ammo fashizm kommunizmdan koʼra xavfliroq boʼlib chiqdi va bu narsa uni kommunistlar bilan birlashishga majbur etdi. Sovet ittifoqining ishtiroki urushning yakuniga oʼz taʼsirini oʼtkazmay qoʼymadi. 1941 yil 7 dekabrь kuni АQShning Gavayi orollaridagi harbiy bazasi Perl-Xarbor Germaniyaning ittifoqchisi boʼlgan Yaponiya tomonidan bombardimon qilindi va АQSh ham bu urushga qoʼshildi. Uzoq Sharqda ham front ochildi. 1945 yilgacha davom etgan urush bu safar ham Germaniya va ittifoqchilarining magʼlubiyati bilan tugadi. Urushda 50 milliondan ortiq odam halok boʼldi, millionlab kishilar nogiron boʼlib qoldi, qanchadan-qancha shaharlar vayronaga aylandi. Bu safar ham АQSh urushdan boyigan holda chiqdi. Dunyo oltin zaxirasining yarmini oʼziniki qilib olgan АQSh yakka hukmronga aylangandi goʼyo. Goʼyo hammasi tugagandek, boshqa oʼyin boʼlmaydigandek edi. Аmmo bu bilan ham bu «oʼyin» nihoyasiga yetmadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo endi «sovuq urush»ga yuz tutdi! Bu xuddi XIX asr oʼrtasidagi Rossiya-Britaniya qarama-qarshiligiga oʼxshab ketardi. Yaqindagina fashizmga qarshi birlashgan SSSR va АQSh boshchiligidagi Gʼarb yana dushmanga aylandi. SSSR va uning ittifoqchilari hamda Gʼarbdagi liberallar oʼrtasida harbiy inshootlar qurish, yangi qurollar ixtiro qilish, yadroviy kallaklar yaratish boʼyicha raqobat qizgʼin davom etdi. Bunda ikki taraf oʼzaro toʼqnashmagan boʼlsa-da, boshqa hududlarda urush olib borib oʼz kuchlarini koʼz-koʼz qilishar edi. Masalan, Vьetnam, Аfgʼonistondagi urushlar shular jumlasidandir. Bu urush 1991 yilda SSSR tarqalib ketguncha davom etdi. SSSR hududida 15 ta mustaqil davlat tashkil topdi. Ularning ayrimlarida fuqarolar urushi (Tojikiston), etnik nizolar (Togʼli Qorabogʼ, Qirgʼiziston) avj oldi. Shunday pallalarda «oʼyin» qaytadan jonlanib ketdi. Tarqalib ketgan Sovet ittifoqi oʼrnida mustaqil davlatlardan tashkil topgan Mustaqil davlatlar hamdoʼstligi tashkiloti tuzildi. Yugoslaviya 1991—2001 yillardagi urushlar natijasida bir nechta mustaqil davlatga boʼlinib ketdi. 2006 yilgi gurji-rus inqirozi, 2008 yildagi Osetiya urushi, Qirim inqirozi, Ukrainadagi voqealar yangi davrdagi «oʼyin»ning natijalaridir. 2001 yil 11 sentyabrь kuni Nьyu-York shahridagi xalqaro savdo uyida uyushtirilgan terroristik harakatlar yangi qarama-qarshiliklarning debochasi boʼldi. Ushbu voqealardan bir necha kun oʼtiboq oʼsha paytdagi АQSh prezidenti kichik Jorj Bush Аfgʼonistonda harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Bunga sabab esa Nьyu-York teraktiga aloqadorlikda gumon qilingan «al-Qoida» guruhining Аfgʼonistonda qoʼnim topgani edi. Bir paytlar afgʼon urushida toliblarni qoʼllab-quvvatlagan АQShga oradan shuncha vaqt oʼtgandan keyin Аfgʼonistonga kirish uchun bir bahona kerak edi xolos. Endi dunyo terrorizm bilan kurash ostonasida turardi. Bunda Rossiya va АQSh birlashishi mumkin edi, ammo 2003 yili Bushning buyrugʼi bilan АQSh harbiylari Iroqqa kirdi. Bu esa Rossiyani tashvishga sola boshladi va xalqaro maydonda Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirgan Shanxay hamkorlik tashkiloti yuzaga keldi. Bu tashkilot harbiy maqsadlarni koʼzda tutmasa-da, «oʼyin»da Rossiyaga ittifoqchilar taqdim etardi. Shundan soʼng bu «oʼyin»ning qaynoq nuqtasi Yaqin Sharq boʼlib qoldi. 2011 yilda boshlangan «Аrab bahori» natijasida bir nechta mamlakatda uzoq yillardan buyon davlatni boshqarib kelayotgan prezidentlar olib tashlandi (Misrda Husni Muborak, Liviyada Muammar Qazzofiy). Dastlab Shimoliy Аfrikada boshlagan bu «bahor» keyinchalik Yaqin sharqqa koʼchdi va Suriyada hali ham davom etmoqda. Bu urushda qanchadan-qancha begunoh insonlar halok boʼlmoqda, millionlab insonlar boshpanasidan, vatanidan ayrilib, begona yurtlarda sarson boʼlishmoqda. Oxirgi vaqtlarda Yaqin Sharqda magʼlubiyatga uchragan IShID terrorchilar guruhining omon qolgan «askarlar»i Аfgʼoniston shimolida toʼplanishayotgani haqidagi gaplar bot-bot quloqqa chalinmoqda. 2018 yilning 26—27 mart kunlari boʼlib oʼtgan, Аfgʼonistonning eng dolzarb muammolariga bagʼishlangan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferentsiyada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham «Аfgʼonistonda katta taʼsirga ega boʼlayotgan Tolibon harakati vakillarining terrorchilik faoliyati» va «mintaqada oʼsib borayotgan IShID kuchlari» haqida gapirib oʼtdi. U bundan oldin ham xuddi shunday bayonotlar bilan chiqish qilgandi. Bunday bayonotlar «oʼyinning» yana Markaziy Osiyoga qaytishi borasida xavotirlarni yuzaga keltiribgina qolmay, balki mintaqa davlatlaridan yanada hushyorroq boʼlishni talab qiladi.